«Tolibon» vakili: Afg‘oniston butunlay xavfsiz
Afg‘oniston atrofida «xavfsizlik kamari» yaratishga ehtiyoj yo‘q, dedi «Tolibon» hukumati vakili Zabihulloh Mujohid. Bu haqda jurnalist Zohra Ishmuxametova xabar berdi.
«Afg‘oniston butunlay xavfsiz, bunday xavfsizlik kamarlari kerak emas. Mamlakatda giyohvand moddalar butunlay yo‘q qilingan va taqiqlangan», – dedi Mujohid.
U Islom Amirligi o‘z hududidan tahdidlarga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi. Rasmiyning aytishicha, mamlakatda giyohvandlik moddalari kontrabandasi va qurol-yarog‘ savdosi butunlay yo‘q qilingan.
Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda xavfli vaziyatni xorijiy davlatlar fuqarolari yaratmoqda.
Bundan avval Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa postsovet davlatlarini o‘z ichiga olgan KXShT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) Afg‘oniston atrofida «xavfsizlik kamari» yaratish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu g‘oyani 2022-yilda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon taklif qilgan va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Ijroiya qo‘mitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Kursiv Uzbekistan avvalroq Afg‘onistonda narkotik moddalar ishlab chiqarish 2024-yilda 19 foizga oshgani haqida yozgan edi. Bu ma’lumotlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi hisobotida keltirilgan.