Mirziyoyev urushdan jabr koʻrgan falastinlik bolalar va ayollarni Oʻzbekistondagi klinikalarda bepul davolashni taklif qildi
Shavkat Mirziyoyev urushdan jabr ko‘rgan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekistondagi klinikalarda bepul davolashga tayyorligini bildirdi. Bu haqda davlat rahbari arab-islom davlatlarining navbatdan tashqari sammitida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
Unga ko‘ra, Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Falastin muammosiga bag‘ishlangan muhim sammitda global siyosatning eng dolzarb masalasi – Isroil – Falastin nizosi ko‘rib chiqildi. Bu sammitni tashkil etgani uchun Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz va valiahd, bosh vazir Muhammad bin Salman Ol Saudga minnatdorlik bildirildi.
Sammit ishtirokchilari dunyo hamjamiyatining ko‘p yillik harakatlariga qaramay mintaqadagi urush yanada kengayib, endilikda Livan hududini ham qamrab olayotganini qayd etdilar. Ushbu holat xalqaro xavfsizlikka tahdid solayotgani va insoniyat tarixining qora sahifalaridan biriga aylanayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston rahbari sammitda Falastin – Isroil masalasini tinchlik va diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Shuningdek, BMT va Xavfsizlik Kengashi bu masalani hal etishda o‘z ta’sirini oshirishi kerakligiga urg‘u berdi. Tashqi yordamni kengaytirish, gumanitar yo‘laklarni ta’minlash va urushdan zarar ko‘rgan bolalar hamda ayollar uchun O‘zbekiston shifoxonalarida davolanish imkoniyatini taklif qilish O‘zbekistonning amaliy yordami sifatida aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, mamlakatimiz mintaqa davlatlari va Islom hamkorlik tashkiloti bilan birgalikda Quddusdagi Al-Aqso masjidi va boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklarni himoya qilish ahamiyatini qayd etdi. Bu favqulodda sammit Yaqin Sharqdagi murakkab inqirozni hal qilish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Saudiya Arabistonida qanday kutib olingani haqida xabar bergan edik.