«Oltin Burchmulla» muallifi vafot etdi

eʼlon qilindi
U, ayniqsa, “Moskva ko‘z yoshlariga ishonmaydi” filmida yangragan mashhur “Aleksandra” qo‘shig‘i matnining hammuallifi sifatida tanilgan
Foto: Vladimir Pomortsev / PhotoXpress

94-yoshida shoir va bard Dmitriy Suxarev (haqiqiy familiyasi Saxarov) vafot etdi. Bu haqda 11-noyabr kuni uning do‘sti, shoir Aleksandr Pravikov xabar berdi.

Suxarevning she’rlariga 500 dan ortiq qo‘shiq yozilgan. U, ayniqsa, «Moskva ko‘z yoshlariga ishonmaydi» filmida yangragan mashhur «Aleksandra» qo‘shig‘i matnining hammuallifi sifatida tanilgan. Shoirning O‘zbekistondagi bolalik xotiralari esa «Oltin Burchmulla» qo‘shig‘i so‘zlariga ilhom bo‘lgan. Ushbu qo‘shiqqa musiqani Tatyana va Sergey Nikitinlar yaratgan.

Dmitriy Suxarev 1930-yilda Toshkentda tug‘ilgan. Yoshligida Moskva davlat universitetining biologiya fakultetiga o‘qishga kirgan va talabalik davridayoq sovet adabiy jurnallarida muntazam chop etilib kelgan. Keyinchalik o‘z she’r va qo‘shiqlar to‘plamlarini nashr ettirgan.

Shoir o‘z davrining ko‘plab mashhur bardlari bilan hamkorlik qilgan. 2001-yilda Bulat Okujava nomidagi mukofotga sazovor bo‘lgan.

Ijodiy faoliyati bilan bir qatorda Suxarev ilmiy izlanishlar ham olib borgan. U biologiya fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan, nufuzli ilmiy jurnallar tahrir hay’atida ishlagan va umrining oxirigacha Rossiya Fanlar Akademiyasining N. K. Kolsov nomidagi Rivojlanish biologiyasi institutida faoliyat yuritgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan shoir Mansur Jumayevning o‘limi sababi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek