Qirgʻizistonda davlat toʻntarilishiga urinishning oldi olindi — IIV

eʼlon qilindi
Mamlakat bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari hibsga olindi
Foto: Getty Images

Qirg‘izistonda bir necha kishi ommaviy tartibsizliklar uyushtirish va hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga urinishda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, jinoiy guruh Bishkek shahri yaqinida sport o‘yinlari va boshqa musobaqalar o‘tkazishni rejalashtirgan. Ushbu sport tadbirlari bahonasida zo‘ravonlikka chaqirish, konstitutsiyaga zid da’vatlar qilish orqali vaziyatni beqarorlashtirish hamda 17-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan mahalliy kengashlarga saylovda hokimiyatni kuch bilan qo‘lga olish rejalashtirilgan.

Guruhdan qurollar, shuningdek, «olomonni mast qilish uchun» spirtli ichimliklar va oziq-ovqat mahsulotlari musodara qilindi.

Yetti kishi qo‘lga olingan bo‘lib, ular orasida Qirg‘iziston bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari ham bor. U guruhni moliyalashtirish, xabardor qilish hamda ommaviy tartibsizliklar va hokimiyatni egallash vaqtida guruh faoliyatini muvofiqlashtirishda gumon qilinmoqda.

IIV sobiq amaldorning ism-familiyasini oshkor etmagan, biroq OAVda bu shaxs Kuban Adil o‘g‘li ekani haqida ma’lumot tarqaldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirg‘iziston prezidenti mamlakatda qurolli to‘ntarish ehtimoli borligi aytgani haqida yozgan edi.

Shuningdek