Ozarbayjon shoiri prezidentga «Shavkat Mirziyoyev fenomeni» kitobini sovg‘a qildi
Shavkat Mirziyoyev Boku shahrida ozarbayjonlik adabiyotshunos va shoir Akif Bag‘irovni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Akif Azalp taxallusi bilan tanilgan shoir o‘z ijodi orqali Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi adabiy aloqalarni mustahkamlab kelmoqda. U o‘zbek adiblarining ko‘plab asarlarini ozarbayjon tiliga, jumladan, Sirojiddin Sayyidning «Vaqt haykali» kitobini tarjima qilgan.
Uchrashuvda shoir prezidentga «Shavkat Mirziyoyev fenomeni» kitobini taqdim etdi. Kitobda O‘zbekistondagi islohotlar va davlat rahbarining mamlakat rivojiga qo‘shgan hissasi yoritilgan. Mirziyoyev Akif Bag‘irovga ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qozogʻistonning «Oltin Qiron» ordeni bilan taqdirlangan edi.