Boshqaruvchi kompaniyalar iste’molchilar huquqlarini poymol qilmoqda – Raqobat qo‘mitasi
Ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchi kompaniyalar faoliyatida qonunga zid va iste’molchilar huquqlarini cheklovchi shartlar aniqlanmoqda. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2024-yilning yanvar – oktabr oylarida qo‘mitaga 8,4 mingta iste’molchi murojaati kelib tushgan bo‘lsa, ulardan 380 tasi aynan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasi bilan bog‘liq. Murojaatlarni o‘rganish jarayonida boshqaruvchi kompaniyalarning mulkdorlar majlislari o‘tkazmasligi, ishlar haqida ochiq hisobot taqdim etmasligi, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun asossiz qarzdorlikni hisoblash kabi muammolar aniqlangan.
Masalan, Qashqadaryo viloyatidagi «Lochin-Sanjar BK» MChJ shartnomasi bo‘yicha mulkdorlar kechiktirilgan to‘lovlar uchun jarima to‘lashga majbur bo‘lgan, biroq kompaniya o‘z majburiyatlarini bajarmagan holatlarda hech qanday javobgarlik ko‘zda tutilmagan. Shunga o‘xshash holatlar Toshkent, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlaridagi boshqaruvchi kompaniyalarda ham kuzatilgan.
Bundan tashqari, ayrim shartnomalarda mavjud qonunchilikka zid ravishda to‘lov amalga oshirilmaganda elektr energiyasi va boshqa kommunal xizmatlardan uzib qo‘yish kabi bandlar kiritilgan. Amaldagi qonunchilikda bunday vakolat boshqaruvchi kompaniyalarga berilmagan.
Eslatib o‘tamiz avvalroq «Bio Smekta» biofaol qo‘shimchasini tasdiqlagan laboratoriya sertifikati bekor qilingan edi.