AI-80 benzin narxi pasaydi, oltin esa qimmatlashdi: birja savdolari natijalari
Joriy yilning 14-noyabr kuni tovar-xomashyo birjasida o‘tkazilgan savdolarning yakunlari bo‘yicha ayrim mahsulotlar uchun shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, AI-80 markali benzinning narxi tonnasi uchun 9,3 million so‘mni tashkil etib, bir kun avvalgiga nisbatan 0,1 foizga pasaygan.
Shuningdek, dizel narxida ham 1,7 foizga pasayish kuzatilib, tonnasi 12,5 million so‘mni tashkil qilgan.
Suyultirilgan gaz narxida esa biroz boshqacha holat kuzatilgan: mahsulot narxi 0,004 foizga o‘sib, 8,1 million so‘mga yetgan.
Shunga o‘xshash holat oltin quymasida ham kuzatilgan bo‘lib, uning narxi bir kun ichida 0,8 foizga ko‘tarilib, bir gramm uchun 1,74 million so‘mni tashkil qilgan.
Bundan tashqari, 92 markali benzin, sement, polietilen, shrot, shakar hamda paxta yog‘i narxlari ham o‘rtacha 0,03 foizdan 13 foizgacha pasaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan birjada AI-80 benzini narxiga cheklovlar joriy etilgani haqida xabar bergan edi.