«Toshkent» birjasida haftalik kotirovkalar: «Aloqabank» aksiyalari 30 foizga qimmatlashdi
O‘tgan hafta, 2024-yil 8-15-noyabr kunlari davomida «Toshkent» Respublika fond birjasida aksiyalarning umumiy narx o‘zgarishlari sezilarli darajada kuzatildi. Ushbu davrda birja maydonchasida jami 1,8 trillion so‘mlik 5,6 mingta bitim amalga oshirildi. Kursiv Uzbekistan hafta davomida yuqori likvidli aksiyalar bozoridagi vaziyat qanday o‘zgarganini tahlil qildi.
Uzbekistan Composite Index (UCI) haftani 629,67 punktdan boshlagan bo‘lsa, 632,88 punktgacha ko‘tarildi, bu 0,51 foizlik o‘sishni anglatadi. Eng katta o‘sish «Aloqabank» (30,79%) aksiyalarida qayd etildi, bu aksiyaning qiymati 3,67 so‘mdan 4,80 so‘mgacha ko‘tarildi. Shuningdek, «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (8,14%) va «O‘zbektelekom»ning imtiyozli aksiyalari (8,72%) ham sezilarli o‘sish ko‘rsatdi.
Biroq ba’zi kompaniyalarning aksiyalari pasaydi. Jumladan, «Olmaliq KMK» (-8,18%) va «Biznesni rivojlantirish banki» (-2,87%) aksiyalari narxida pasayish kuzatildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri noyabr oyining birinchi o‘n kunligida aksiyalar o‘sishi bo‘yicha UzAuto Motors yetakchi bo‘lganini, «Aloqabank» esa pasayganini yozgan edi.