TBC Uzbekistan o‘z protsessing markazini ishga tushirdi
Bugun, 19-noyabr kuni O‘zbekistondagi yetakchi raqamli bank tizimi TBC Uzbekistan o‘z protsessing markazini ishga tushirdi. Bu haqda bank matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga xabar berdi.
Bu qadam bankning yangi mahsulot va xizmatlarni tezroq joriy etish imkoniyatini oshiradi hamda uning bozor mavqeyini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yangi protsessing markazi to‘lovlarni qayta ishlash samaradorligini oshiradi va mijozlar, jumladan, kichik va o‘rta bizneslar uchun xizmatlar qatorini kengaytirish imkonini beradi. Bu markaz P2P o‘tkazmalar, bank kartalari orqali to‘lovlar va QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirishni ta’minlaydi.
Shuningdek, markaz ma’lumotlarni tahlil qilish imkoniyatlarini kuchaytiradi, bu esa mijozlarning ehtiyojlarini chuqurroq tushunish va ularga mos yangi mahsulotlar, jumladan, ekvayring (yuridik shaxslarga bank xizmatlari) taqdim etishga yordam beradi.
«Biz infratuzilmamizga sarmoya kiritishni davom ettirmoqdamiz va o‘z protsessing markazimizning ishga tushirilishi ulkan rejalarimizni amalga oshirish yo‘lidagi muhim bosqichdir. O‘z protsessingimiz O‘zbekistonning istiqbolli va tez o‘sib borayotgan bozorida innovatsion moliyaviy mahsulotlarni joriy etishni tezlashtirish va kengaytirishga imkon beradi», – deydi TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani.
Bu innovatsion qadam TBC Uzbekistan’ning raqobatbardoshligini oshirib, bank ekotizimining jadal rivojlanishiga zamin yaratadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan TBC Uzbekistanʼning sof foydasi 97 foizga oshgani haqida yozgan edi.