Shavkat Mirziyoyev hukumatning kelgusi besh yillik faoliyati uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi
Shavkat Mirziyoyev hukumatning kelgusi besh yillik faoliyati uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, iqtisodiyotda 6-7 foizlik o‘sish sur’atini ta’minlash, inflyatsiyani 5-6 foiz darajasida ushlash va yillik kreditlash hajmini $30 mlrd.ga yetkazish asosiy maqsadlar etib belgilandi. Shu bilan birga, $100 mlrd.lik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish va yillik eksport hajmini $45 mlrd.ga olib chiqish, unda tayyor mahsulotlar ulushini 50 foizga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.
Turizm sohasida xorijiy sayyohlar oqimini 15 mln.ga, turizm xizmatlari eksportini esa $5 mlrd.ga yetkazish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.
Norasmiy iqtisodiyotni qisqartirish uchun raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish orqali onlayn to‘lovlar ulushini 60 foizga yetkazish muhim vazifa sifatida ko‘rsatildi.
Bu yil bir qator tumanlarda amalga oshirilgan ijobiy tajribalar asosida «Kambag‘allikdan farovonlik sari» kompleks dasturi qabul qilindi.
Dastur doirasida kambag‘al oilalar a’zolariga sifatli ta’lim, kasbga o‘qitish, ish bilan ta’minlash, sog‘liqni yaxshilash va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha individual yordam paketlari tashkil etiladi. 2025-yilda 1 million kishini kambag‘allikdan chiqarish Hukumatning asosiy vazifasi sifatida belgilandi.
Bu maqsadda kambag‘al oilalar bolalari uchun chet tili, kasb-hunar va IT ta’limiga 500 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, 1 mingta ijtimoiy ahvoli og‘ir mahallada infratuzilmani yaxshilash uchun 2 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish uchun 46,5 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Hukumat 2030-yilgacha ishsizlik darajasini xalqaro standart – 5-6 foizdan oshirmaslikni ta’minlash uchun faol chora-tadbirlarni amalga oshirishi kerakligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kelgusi besh yilda aholimiz soni 40 milliondan oshishi kutilayotgani haqida yozgan edik.