2025-yil oxiriga kelib oltin narxi $2,9 mingga koʻtariladi
Shveysariyaning UBS Group investitsiya banki tahlilchilarining prognozlariga koʻra, 2025-yil oxiriga kelib oltinning bir troya unsiyasi $2,9 mingga yetadi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
UBS Group kompaniyasining fikricha, qimmatbaho metallar narxining Donald Tramp gʻalabasidan keyin qisqa muddatli korreksiyasi uzoq muddatli oʻsish tendensiyasini buzmaydi. Oltin narxining oshishi sabablari orasida tahlilchilar jahon markaziy banklari tomonidan talab ortib borayotgani va geosiyosiy risklarni sanab oʻtmoqda.
Qimmatbaho metallga investorlarning qiziqishi Ukraina va Yaqin Sharqda davom etayotgan harbiy mojarolar bilan bogʻliq. Bundan tashqari, oltinni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash Trampning Xitoy tovarlari AQShga importiga 60 foiz tarif joriy etish haqidagi va’dalari bilan bogʻliqdir.
UBS Group moliyaviy bozorlarda uzoq muddatli oʻzgaruvchanlikni kutmoqda. Bankning fikriga koʻra, yaqin yillarda qimmatbaho metallar narxining sezilarli pasayishi kuzatilmaydi. 2026-yil oxiriga borib, oltinning bir troya unsiyasi $2,95 ming atrofida boʻladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi mojaro avj olgan bir paytda jahon bozorida oltin narxi yana oshgani haqida yozgan edi.