O‘zbekiston va Kuvayt savdo tartib-qoidalarini osonlashtirishadi
21-noyabr kuni Toshkentda Oʻzbekiston-Kuvayt hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Bu uchrashuvda savdo tartib-qoidalarini osonlashtirish va boshqa muhim masalalar boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu haqda O‘zR Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Kuvayt moliya vaziri Nura Sulaymon Al-Fassam rahbarligida boʻlib oʻtgan mazkur tadbirda imzolangan memorandum va protokol ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi kundagi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Soʻnggi besh yilda oʻzaro oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo sanoati mahsulotlari va xizmatlar almashinuvi hisobiga tovar aylanmasi besh barobar oshdi. Oʻzbekistonda hozirda kuvaytli investorlar ishtirokidagi yettita korxona faoliyat koʻrsatmoqda.
Tomonlar tovar ayirboshlash doirasini kengaytirish, elektron tijoratni rivojlantirish, koʻrgazmalar oʻtkazish va savdo jarayonlarini soddalashtirish borasida kelishuvga erishdilar. Shuningdek, sanoat hamkorligi dasturlari va investitsiyaviy bitimlarni ishlab chiqish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekiston va Kuvayt o‘rtasida 2024–2026-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi imzolangani haqida yozgan edi.