Toshkentda Xitoy Eksim banki vakolatxonasi ochildi
Toshkent shahrida Xitoy Eksport-import (Eksim) banki vakolatxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Tadbirda Xitoy Eksimbanki vitse-prezidenti Yang Donning, Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Yu Jun, O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov va ikki mamlakatning biznes hamda moliya vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumotga ko‘ra, moliya tashkiloti O‘zbekistonda kimyo sanoati, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati $3 milliarddan ortiq bo‘lgan 50 dan ortiq loyihani moliyalashtirgan.
Eksimbank 1994-yilda tashkil etilgan bo‘lib, tashqi savdo va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi muhim moliyaviy tashkilotdir.
Toshkentdagi yangi ofis bankning Markaziy Osiyo va Kavkazdagi sakkizta davlat, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zR markaziy banki Xitoyning Eksimbanki vakolatxonasini akkreditatsiya qilgani haqida yozgan edi.