JSST maymunchechakka qarshi vaksinani tasdiqladi

eʼlon qilindi
Корреспондент
Kongoda 39 ming odam maymunchechak alomati bilan kasallangan deb taxmin qilinmoqda
Foto: Depositphotos.com

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) maymunchechakga (M-pox) qarshi LC16m8 nomli yapon vaksinasini favqulodda holatlarda qo‘llash uchun tasdiqladi. Bu haqda JSST portalida e’lon qilindi.

Yaponiyaning KM Biologics farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan preparat ushbu kasallikka qarshi tasdiqlangan ikkinchi vaksina bo‘ldi. Yapon vaksinasining farqi shundaki, u bir yoshdan katta bolalar uchun xavfsizdir.

Bundan tashqari, bu vaksina OITS infeksiyasiga ega bo‘lganlarga ham berilishi mumkin. Ammo JSST homilador ayollarga va immun tizimi jiddiy buzilgan odamlarga bu preparatni ishlatishni tavsiya qilmaydi.

Yaponiya uch million doza vaksina yuborishni va’da qildi. Vaksina Kongoga jo‘natiladi, u yerda 39 ming odam maymunchechak alomati bilan kasallangan deb taxmin qilinmoqda. Vaksina bilan birga afrikalik tibbiyot xodimlariga preparatni qo‘llash uchun ignalar ham taqdim etiladi.

2024-yil avgust oyida JSST maymunchechakning tarqalishini favqulodda vaziyat deb e‘lon qilgan edi. Oktabr oyining oxiriga kelib, bu kasallikka 80 mamlakatda chalinish holatlari qayd etilgan. Eng xavotirli vaziyat Afrika davlatlarida, xususan, Kongoda kasallikdan bir mingdan ortiq odam vafot etgan.

Ma’lumot uchun, kasallikning belgilari isitma, bo‘g‘imlarda og‘riq va tana yuzasida pufakcha toshmalarining paydo bo‘lishida namoyon bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Maymunchechak virusi qanchalik xavfli va undan qanday himoyalanish mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek