Jaguar kompaniyasi yong‘in xavfi tufayli nosoz mashinalarni qaytarib sotib oldi

26-noyabr 2024 11:34 eʼlon qilindi

(26-noyabr 2024 11:34 yangilandi)
post.authors.0.name

Behruz Valiyev

Muxbir
Foto: Jaguar

Jaguar kompaniyasi 2019-yilgi modeldagi 2,7 mingta avtomobilni AQShda egalaridan sotib olishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Carscoops xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Britaniyaning avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi I-Pace EV modelidagi yong‘in xavfi muammosi bilan kurashish uchun ekstremal choralarni ko‘rgan.

Muammo batareyalarning haddan tashqari qizib ketishi va yong‘in xavfi bilan bog‘liq. Bundan avval kompaniya dasturiy ta’minot asosida 2019-yilgi modeldagi ba’zi mashinalarga tuzatish kiritilgan, biroq avtomobilda hali ham ortiqcha issiqlik mavjud.

Hozirgi kunga qadar 2019-yilgi uchta elektr mashinasi, dasturiy ta’minot yangilanishiga qaramay yonib ketgan.

Foto: Jaguar

Avgust oyida kompaniya mashina egalariga tashqarida va binolardan uzoqroq joyda qo‘yishni tavsiya qilgan va yana bir yangilanish orqali vaqtinchalik yechim sifatida avtomobilning quvvatini 80 foizga cheklashini e’lon qilgan edi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, hozirda muammolarga doimiy yechim ustida ish olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Jaguar avtokompaniyasi yaguar logotipidan voz kechgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek