Tramp Meksiya, Kanada va Xitoy mahsulotlariga boj to‘lovlarini oshiradi
Donald Tramp prezidentlikning ilk kunidayoq Xitoy, Meksika va Kanadadan import qilinadigan mahsulotlarga yangi tariflar joriy etishini e’lon qildi. Bu haqda BBC axborot agentligi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, u bunday chora-tadbirlarni noqonuniy immigratsiya va AQShga narkotik moddalar, xususan, fentanil olib kirilishini to‘xtatish uchun qo‘llashini ma’lum qildi.
Trampning rejasiga ko‘ra, Meksika va Kanadaga 25 foizlik, Xitoyga esa 10 foizlik tariflar joriy qilinadi. Ushbu chora mamlakatlarning noqonuniy faoliyatlarga qarshi keskin choralar ko‘rmagunicha amal qiladi.
Bu qaror AQShning uch yirik savdo sherigi bilan munosabatlarni taranglashtirishi kutilmoqda. Ayniqsa, Meksika va Kanada eksportlarining katta qismi AQShga to‘g‘ri kelishi bois bu mamlakatlar iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir qilishi mumkin.
Xitoy hukumatining Tramp ayblovlariga javoban fentanilni AQShga yetkazib berish masalasi «haqiqatga zid» ekanini ta’kidlashi, masalaning global miqyosdagi diplomatik va iqtisodiy oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatmoqda.
Tramp ushbu tariflarni Amerika iqtisodiyotini mustahkamlash, ish o‘rinlarini himoya qilish va davlat budjetiga qo‘shimcha daromad keltirishning samarali yo‘li sifatida ko‘rmoqda. Ammo iqtisodchilar bu usulning samaradorligi borasida keskin tanqid bildirishmoqda.
Mazkur chora AQSh – Meksika – Kanada savdo bitimi shartlarini buzishi mumkinligi sababli, kelgusi kunlarda ushbu masala xalqaro darajada yangi munozaralarga sabab bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp harbiylar yordamida noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilishi haqida yozgan edik.