Soliq sohasida kelgusi yil 1-yanvardan boshlab nimalar o‘zgaradi

eʼlon qilindi
Fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi
Foto: pressmaster / Depositphotos

2025-yilining 1-yanvaridan boshlab, biznes bir huquqbuzarlik uchun ikki marta jazolanmaydi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxsga nisbatan moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi.

Biroq bu kabi holat uchun maʻmuriy javobgarlik saqlanib qolinadi. Ya’ni huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarimaga sabab boʻladi.

Shuningdek, fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi.

Soliq organlariga tegishli axborot berish boʻyicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik saqlanib qolinadi va mansabdor shaxslarga – BHMning  100 baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi.

Ammo bunday huquqbuzarlik uchun Soliq kodeksida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar oʻz kuchida qoladi va realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizi miqdorida jarima solinadi.

Shu bilan birga, xodimlar sonini yashirganlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi (BHMning 10 baravari miqdorida jarima).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex Go xizmati joriy yilda qancha soliq to‘lagani ochiqlangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek