Namangan viloyatiga $4,2 milliard investitsiya jalb qilinadi
Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, viloyatda o‘tgan o‘n oyda 681 loyiha amalga oshirilib, 21 ming ish o‘rni yaratilgani, yil yakunida iqtisodiyot 8 foizga o‘sishi kutilayotgani ma’lum qilindi.
2025-yilga qadar $4,2 mlrd investitsiya jalb qilib, 34 ming ish o‘rni yaratish, 1 milliard dollarlik eksportni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, kambag‘allikni 5,3 foizgacha pasaytirish va 100 ming mehnat migrantini ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Namanganda yangi sanoat zonalari, qishloq xo‘jaligi texnikumi, charm-poyabzal va dorivor o‘simlik loyihalari kabi qator tashabbuslar taqdim etildi. Prezident bu rejalarni qo‘llab-quvvatlab, tadbirkorlar uchun sharoitlarni yaxshilash va bandlikni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatiga $2 milliardlik investitsiya yo‘naltirilishi haqida yozgan edik.