Markaziy bank nega har bir shaxs uchun plastik kartalar sonini cheklashni rejalashtirmoqda
Markaziy bank har bir shaxs uchun kartalar sonini cheklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 26-noyabr kuni media-muloqotda regulyator raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda O‘zbekistonda fuqarolar bir pasportga qancha bank kartasini ochishi mumkinligi qonuniy jihatdan tartibga solinmagan. Natijada ba’zi mijozlarda yuzlab kartalar mavjud.
Hamrayevning ta’kidlashicha, vaqt o‘tishi bilan bunday kartalar firibgarliklar uchun mablag‘ chiqarish sxemalarida ishlatiladi.
Muloqot davomida Hamrayev kartalar sonini cheklash bo‘yicha, qanday aniq choralar belgilanayotgani haqida ma’lumot bermagan. Hozirgi kunda Markaziy bank ushbu masalani tahlil qilib, yechim izlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1-noyabrdan boshlab Markaziy bank onlayn-kreditlar berishga cheklovlar kiritdi, bu esa shubhali operatsiyalarni oldini olishga qaratilgan. Mazkur tartib 2025-yil 1-aprelga qadar amal qiladi. Mobil ilovalar orqali kredit olish faqat tekshiruvlardan so‘ng amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, onlayn-kreditlarning birinchi marta berilishi uchun cheklovlar kiritiladi, yangi hisob qaydnomasi yaratgan yoki mavjud hisobga boshqa qurilmadan kirgan shaxslarga «sovuq davr» qo‘yiladi.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon 463 ta firibgarlik bilan bog‘liq onlayn-kredit arizalari ro‘yxatga olingan. Jami zarar 15 milliard so‘mni tashkil etdi.
2024-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda bank kartalari soni qariyb 55 million donaga yetdi. Bu yil boshiga nisbatan 19 foizga ko‘pdir.