Noyabr va dekabr oylarida O‘zbekistonga $8,6 milliard investitsiya jalb qilinadi
Shavkat Mirziyoyev xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va kelgusi yil rejalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
2023-yilning 10 oyida mamlakatga $26 mlrd.dan ortiq investitsiyalar kiritildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobar ko‘pdir. Kiritilgan mablag‘lar hisobiga 6,3 mingta yangi korxona ishga tushirilib, 163 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi.
Noyabr va dekabr oylarida yana $8,6 mlrd.lik investitsiyalar jalb qilinishi kutilmoqda. Shunga qaramay ayrim hudud va tarmoqlarda ko‘rsatkichlar past bo‘lib, loyihalarning kechikishi tanqid qilindi.
Prezident hududlarning investitsiyaviy faolligini oshirish va yondashuvlarni takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki kabi xalqaro tashkilotlarning mablag‘larini xususiy sektor ishtirokida samarali jalb qilish alohida ahamiyatga ega.
Yig‘ilishda 2025-yilgacha rejalashtirilgan loyihalar aniqlashtirilib, davlat-xususiy sheriklik va xususiy sarmoyalar orqali iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatiga $2 milliardlik investitsiya yo‘naltirilgani haqida yozgan edik.