O‘zbekistonda so‘nggi besh yil ichidagi birinchi SPO qanday o‘tkazildi
2024-yil noyabr oyida Oʻzbekistonda soʻnggi besh yil ichidagi birinchi ikkilamchi ommaviy joylashtirish (SPO) boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi (O‘zRTXB) aksiyalarining 4,44 foizi davlat tomonidan 42,9 milliard soʻmga sotildi. Bu «Xalqchil IPO» deb nomlangan xususiylashtirish dasturining bir qismi boʻldi. An’anaviy IPO’lardan farqli oʻlaroq, bu holda davlatga tegishli boʻlgan aksiyalar sotildi, qoʻshimcha qimmatli qogʻozlar emissiyasi amalga oshirilmadi. Kursiv Uzbekistan bu haqda mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
Kuchli talab va bonus aksiyalar
Mazkur SPO’da chakana investorlarning faolligi eng diqqatga sazovor jihatlardan biri boʻldi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotiga koʻra, barcha arizalarning 99 foizidan ortigʻi jismoniy shaxslardan kelgan. Umumiy hisobda 11,3 mingta ariza kelib tushgan boʻlsa, ulardan 11,2 mingtasi fuqarolar tomonidan yuborilgan.
Avesta Investment Group tahlilchisi Zohro Murtazayevaning ta’kidlashicha, bu jarayonda chakana investorlarning ulushi avvalgi IPO’larda, jumladan, UzAuto Motors, «Oʻzbekinvest» va «Oʻzbektelekom» aksiyalarini joylashtirishdagi koʻrsatkichlardan ancha yuqori boʻldi.
«Investorlarga kompaniyaning 3,3 million dona aksiyasi 12 900 soʻmdan 18 000 soʻmgacha boʻlgan narx diapazonida taklif qilindi. Talab taklifdan 108% ga oshib ketdi», – deydi Murtazayeva.
Shuningdek, kompaniya har bir sotib olingan aksiya uchun toʻrtta bonus aksiya taqdim etdi. Ushbu qaror aksiyalar sonini koʻpaytirish va qonunchilik talablariga moslashish uchun kapitalni oshirish jarayoni doirasida amalga oshirildi. Hukumat qaroriga muvofiq, 2024-yil 1-noyabrdan boshlab tovar-xomashyo birjalarining ustav kapitali kamida 100 milliard soʻmni, 2025-yil 1-iyuldan esa 200 milliard soʻmni tashkil qilishi shart. Kapitalni oshirish natijasida aksiyalar soni besh barobar koʻpaydi.
Investorlar ishonchi va narxlarning oʻsishi
SPO natijalariga koʻra, jami 42,9 milliard soʻmlik aksiyalar sotildi. Aksiyalar savdoga chiqqandan soʻng ularning qiymati eng kam joylashtirish narxiga nisbatan 30% dan ortiqqa oshdi.
Freedom Broker kompaniyasi investitsiya tahlilchisi Boris Bondar muvaffaqiyatni kompaniyaning barqaror moliyaviy koʻrsatkichlari va yuqori dividendlari bilan izohladi. Kompaniya yiliga foydaning taxminan 85% ini dividend toʻlashga yoʻnaltiradi.
«Bu investorlarni jalb qiluvchi asosiy omillardan biri boʻldi. Kompaniyaning soʻnggi 12 oydagi P/E koeffitsiyenti 3,6 ni tashkil etdi, boshqa oʻxshash tashkilotlarning oʻrtacha koʻrsatkichi esa 17,5 ni tashkil etdi. Shunday qilib, oʻtgan SPO Oʻzbekiston fond bozoriga kompaniya aksiyalarini sezilarli chegirma bilan sotib olish imkoniyatiga ega boʻlgan qoʻshimcha investorlar pulini jalb qilish uchun yaxshi imkoniyat boʻldi», – dedi ekspert.
Texnologiyalar oʻrni
Qogʻozlarga boʻlgan yuqori qiziqish marketing kampaniyasi bilan ham bogʻliq edi. Garchi AJ birlamchi joylashtirishni oʻtkazmagan va pulni aslida davlat olgan boʻlsa-da, uning menejmenti Road Show tadbirlarida faol ishtirok etib, investorlarga oʻsish istiqbollari haqida tushuntirdi.
SQB Bank investitsiya banki departamenti bosh mutaxassisi Mansurxoʻja Tuxtasinovning fikricha, «asosiy xususiyat emitentning joylashtirishga boʻlgan yuqori tayyorgarligi boʻldi. Bu samarali korporativ boshqaruv va bozorda ijobiy obroʻ bilan ifodalanadi».
Shuningdek, Jett.uz va GoInvest platformalari orqali ariza berish imkoniyati ham ishtirokchilar sonini oshirdi.
Qogʻozlarni joylashtirishning anderrayteri Kapital-Depozit va Satori konsorsiumi boʻldi. Biroq investorlar sonini koʻpaytirish uchun jarayonga yana 10 dan ortiq investitsiya vositachisi jalb qilindi. Aksiyalarni onlayn sotib olish imkoniyati E-auksion elektron savdo platformasi va uning mobil ilovasi orqali ham ochildi.
O‘zRTXB qanday qilib avvalgi joylashtirishlardan ustun keldi
Avvalgi ommaviy takliflar, masalan, UzAuto Motors yoki «O‘zbektelekom» IPO’lari, o‘ziga xos kamchiliklarga ega edi. Mansurxo‘ja To‘xtasinovning ta’kidlashicha, UzAuto Motors aksiyalarini onlayn sotib olish xizmatlari rivojlanmaganligi sababli texnik qiyinchiliklar yuzaga kelgan, shuningdek, aksiyalarning yuqori baholanishi sababli narx investorlar uchun jozibador bo‘lmagan.
«O‘zRTXB aksiyalari, aksincha, poytaxt fond bozori savdosida anchadan beri qatnashib kelgan va eng likvid aksiyalar qatoriga kirardi, bu esa xaridorlarda ishonch uyg‘otdi», — deydi Zahro Murtazayeva. Ikkilamchi joylashtirish vaqtidagi narx bozor narxidan past boʻlgani sababli investorlarga narx yo‘nalishini aniqlash osonroq boʻldi va ular narxning oʻsishini kutishdi, bu oxir-oqibat roʻy berdi. Birjada qimmatli qogʻozlar 14-15 ming soʻm atrofida savdo qilingan boʻlsa, SPO boʻyicha eng past joylashtirish chegarasi 12,9 ming soʻmni tashkil etgan.
«Taqqoslash uchun, ʼOʻzbekinvestʼ aksiyalarini joylashtirish ham muvaffaqiyatli boʻldi, lekin bu holatda gap odatda likvidligi past boʻlgan imtiyozli aksiyalar haqida borardi», — deya izohlaydi Murtazayeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu imtiyozli aksiyalar egalari umumiy aksiyadorlar yig‘ilishida ovoz berish huquqiga ega emasligi bilan bog‘liq. Bu esa bunday aksiyalar bilan kamroq savdo amalga oshirilishiga olib keladi va ularning bozor faolligini pasaytiradi. Maʼlumot uchun: «Oʻzbekinvest» aksiyalari boʻyicha IPO jarayonida atigi 100 ta ariza qabul qilingan.
Zahro Murtazayeva shuningdek, talabning taklifdan oshib ketishi har doim ham muvaffaqiyat garovi emasligini aytadi. Bu aksiyalarni joylashtirish vaqtida investorlarda ularga bo‘lgan qiziqishni ko‘rsatadi xolos. Masalan, «O‘zbektelekom» aksiyalari rekord darajadagi 131% ortiqcha talabga qaramay, hozirgi kunda birlamchi joylashtirish narxiga nisbatan 37% dan ko‘proq arzonlashgan.
«O‘zbektelekom aksiyalarining joylashtirilishi nisbatan muvaffaqiyatli bo‘lgan, ammo IPO’dan keyingi qo‘llab-quvvatlash yetarli emasligi aksiyalar narxining sezilarli pasayishiga olib kelgan. O‘zRTXB holatida hozircha aksiyalarning bozor narxini qo‘llab-quvvatlash choralari (marketmeyking) haqida xabar berilmagan, ammo o‘ylashimcha, investorlarning emitentga bo‘lgan ishonchi bu institut vazifasiga hojat qoldirmaydi», — deydi To‘xtasinov.
Biroq, ommaviy joylashtirish orqali jalb qilingan mablag‘ hajmi bo‘yicha UzAuto Motors hozircha O‘zbekiston tarixida birinchi o‘rinni egallab turibdi. Kompaniya investorlardan taxminan $5 million olgan (ammo $90 million yig‘ish rejalashtirilgan edi). O‘zRTXB esa rejalashtirilgan hajmini to‘liq jalb qildi, 42,9 milliard so‘mlik aksiyalarni sotdi, bu taxminan $3,3 millionga teng. Davlat oxirgi marta o‘z aksiyalarini 2019-yilda, ya’ni besh yil oldin, SPO orqali sotgan edi. O‘shanda «Kvarts» aksiyalari 1,65 million AQSh dollariga sotilgan edi.
«O‘zRTXB aksiyalari joylashtirilishining o‘ziga xos jihati chakana investorlarga qaratilgan e’tibor edi. Bu, albatta, chakana investorlarga bo‘lgan e’tiborni namoyish etdi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshida bergan va’dasida turdi va birinchi bo‘lib rezident jismoniy shaxslardan kelgan arizalarni qondirdi. Shuningdek, o‘zining e-auksion platformasini sinovdan o‘tkazdi. Albatta, platformada kamchiliklar kuzatildi, lekin umuman olganda DavAktiv o‘zi uchun xususiylashtirishning yangi yo‘lini o‘rgandi. O‘zRTXBning ushbu muvaffaqiyatli SPO’si kapital bozoriga yanada jon berdi, chunki haqiqiy SPO qanday bo‘lishi bo‘yicha namuna paydo bo‘ldi. Shuningdek, zamonaviy texnologik yechimlarning ham o‘rni yanada mustahkamlandi. Bu o‘z o‘rnida «Fond Bozori axborot resurs markazi» DUK va regulyatorni yangi texnologik yechimlarga ochiqroq bo‘lishga va mavjud yechimlarni yanada rag‘batlantirishga chorlaydi degan umiddaman», — deya xulosa qildi Mansurxo‘ja To‘xtasinov.
Kelajak kutilmalari
Endi O‘zRTXB aksiyalarining narxi SPO’dagidan farq qiladi. Buning sababi, kapitallashuvdan so’ng qimmatli qog’ozlar sonining ko‘payishi va birjaning aksiyalar narxini o’zgartirishi bilan bog‘liq. O‘zRTXB qimmatli qog‘ozlari savdosi aksiyadorlar o‘rtasida yangi qimmatli qog‘ozlarni taqsimlash tartibi munosabati bilan 19-25-noyabr kunlari to‘xtatildi. 18-noyabrda aksiyalarning yopilish narxi 15 399 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 26-noyabrda 3 079,80 so‘mga o‘zgartirildi. 29-noyabrga kelib, narx 3 498 so‘mga ko‘tarildi. Ya’ni, O‘zRTXB aksiyalarining narxi SPO bo’yicha pastroq joylashtirish narxiga nisbatan 35,6% ga oshgan.
Tahlilchilar kotirovkalarning yana 3 663,6 so‘mgacha oshishini kutmoqdalar, bu joylashtirish narxidan 42% yuqori bo‘ladi. Prognozlarning qayta ko‘rib chiqilishi kompaniyaning sof foydasi bo‘yicha ijobiy kutilmalar, SPO davomida aksiyalarga bo‘lgan talabning taklifdan oshib ketishi hamda aksiyalar bilan bog‘liq bozordagi kutilayotgan yangi yil rallisi bilan bog‘liq.