Janubiy Koreya prezidenti harbiy holat e’lon qildi
Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol YTN telekanalida jonli efirda uzatilgan nutqida mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Yun bunday qarorni qabul qilishdan boshqa chora yoʻqligini aytib, ozodlik va konstitutsiyaviy tartibni himoya qilish zaruratini ta’kidladi. Uning soʻzlariga koʻra, muxolifat partiyalari parlament jarayonlarini qoʻlga olib, mamlakatni inqirozga olib kelmoqda.
«Men ozod Koreya Respublikasini Shimoliy Koreya kommunistik kuchlarining tahdididan, xalqimizning erkinligi va baxtini talon-toroj qilayotgan Shimoliy Koreya tarafdori boʻlgan anti-davlat kuchlardan tozalash, shuningdek, ozod konstitutsiyaviy tartibni himoya qilish uchun harbiy holat e’lon qilaman», dedi Yun.
Prezident oʻz nutqida qanday aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishini oshkor qilmadi. U, shuningdek, muxolifatdagi Demokratik partiyaning bu hafta mamlakatning yuqori martabali prokurorlarini impichment qilish va hukumatning budjet taklifini rad etish boʻyicha qilgan harakatlarini sabab sifatida keltirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya harbiy dronlarni seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgan edik.