Toshkent viloyatida «Aqlli shahar» quriladi
Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida iqtisodiy rivojlanish va investitsiya imkoniyatlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Viloyatda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va turizm sohalarida ulkan imkoniyatlar mavjud bo‘lsa-da, ularning ko‘pi hali to‘la ishga solinmagan.
Yerdan foydalanish samaradorligini oshirish va mahsulot eksportini ko‘paytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Kelgusi yilda 3,5 mln tonna meva-sabzavot yetishtirib, 500 mln dollar eksport qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, investitsiya uchun bo‘sh turgan davlat yerlarini tadbirkorlarga qulay shartlarda taklif etish topshirildi.
Yig‘ilishda sanoat va xizmatlar nisbatan sust rivojlangan hududlarda qo‘shimcha loyihalar amalga oshirib, ish o‘rinlari yaratish masalasi alohida muhokama qilindi. Viloyatda 700 ming odamni ish bilan ta’minlash va kambag‘allik darajasini 4 foizgacha tushirish maqsad qilingan.
Prezident tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini eshitib, ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash ustuvor yo‘nalish bo‘lishi haqida yozgan edik.