Ozodbek Nazarbekovga «Qirg‘iz Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoni taqdim etildi
Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni qabul qildi. Bu haqda O‘zR Madaniyat vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalar va do‘stlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Japarov o‘z nutqida Qirg‘iziston va O‘zbekiston xalqlarini ko‘p asrlik do‘stlik va qo‘shnichilik rishtalari birlashtirib turishini ta’kidladi. U, shuningdek, 1992-yilda o‘rnatilgan diplomatik munosabatlar va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini qayd etdi. 2025-yilda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston madaniyati kunlari ikki xalqni yanada yaqinlashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Prezident Japarov Ozodbek Nazarbekovning madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi hissasini alohida ta’kidlab, uni «Qirg‘iz Respublikasi xalq artisti» unvoni bilan taqdirladi.
Shuningdek, vazir, o‘z navbatida, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlashga intilishini aytib, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sevara Nazarxon O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgan edi.