Iqtisodiy kompleksdagi 297 nafar rahbar kambagʻallikni qisqartirish borasidagi kamchiliklar uchun ishdan boʻshatildi
Iqtisodiy kompleksdagi 297 nafar rahbar kambagʻallikni qisqartirish borasidagi kamchiliklar uchun ishdan boʻshatildi. Bu haqda prezident raisligida bank xizmatlari orqali mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yigʻilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda ayrim rahbarlar «bu vaqtincha, bir-ikki yilda o‘tib ketadi» degan kayfiyatda yurganiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu borada sustkashlik va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlar ishdan bo‘shatilib, ular o‘rniga zamonaviy fikrlaydigan, yangi tajriba yaratib, odamlarni rozi qilaman degan tashabbuskor yoshlar ishga olindi.
«Qat’iy ogohlantiraman – mahallaga tushib, odamlarimiz va tadbirkorlar muammosini hal qilmagan rahbar ishlamaydi. Hamma oʻzgarishi kerak. Koʻrib turibsizlar, har daqiqa dunyodagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat qiyinlashib, yangi-yangi tahdidlar paydo boʻlyapti. Ularga bugun javob topmasak, keyin kech boʻladi», – deydi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Soliq qoʻmitasining 12 nafar xodimi ishdan haydalgani haqida xabar bergan edi.