Yoʻllarga noqonuniy toʻsiqlar oʻrnatganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida yoʻllarga noqonuniy toʻsiqlar oʻrnatish holatlariga chek qoʻyish boʻyicha qonun loyihasining muhokamasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasiga koʻra, trotuarlar, piyodalar va velosiped yoʻlaklari hamda ularga tutash yashil maydonlarda maxsus avtotransport vositalaridan tashqari har qanday transport vositasining harakatlanishi yoki toʻxtashiga chek qoʻyuvchi qoidalar belgilanmoqda.
Shuningdek, yoʻl harakati ishtirokchilarining harakatiga toʻsiq boʻladigan noqonuniy toʻsiqlar va boshqa qurilmalarni oʻrnatganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilishi koʻzda tutilgan.
Qonun loyihasi doirasida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 128 va 147-moddalariga oʻzgartirish kiritilishi rejalashtirilgan. Bu oʻzgartirishlar haydovchilarning trotuar, piyodalar va velosiped yoʻlaklarida yoki yashil maydonlarda harakatlanishi hamda noqonuniy toʻsiqlarni oʻrnatishi uchun maʼmuriy javobgarlikni nazarda tutadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yo‘l harakati qoidalariga yangi talablar kiritilayotgani haqida xabar bergan edi.