Bundestag Sholsga nisbatan ishonchsizlik votumini chiqardi
Bundestag deputatlari Germaniya kansleri Olaf Shols hukumatiga ishonchsizlik bildirdi. Bu haqda «Interfaks» xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 394 deputat ishonchsizlikka ovoz bergan, 207 nafari hukumatni qoʻllab-quvvatlagan, 116 nafari esa betaraf qolgan.
Olaf Sholsning oʻzi ovoz berishni taklif qilgan, chunki bu unga muddatidan oldin saylov oʻtkazish imkonini beradi. Endi Shols Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerdan Bundestagni tarqatib yuborishni soʻraydi. Agar parlament tarqatib yuborilsa, Germaniyada saylovlar 60 kun ichida oʻtkazilishi shart.
Avvalroq hukmron koalitsiya iqtisodiy siyosat boʻyicha kelishmovchiliklar tufayli tarqalib ketgandi. Germaniya sotsial-demokratik partiyasi Sholsni yana kanslerlikka nomzod qilib koʻrsatishga qaror qildi. Saylovda asosiy raqiblar Fridrix Mers (xristian-demokratik ittifoqi), Robert Xabek («Yashillar») va Alisa Vaydel (Germaniya sotsial-demokratik partiyasi) boʻladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bundestagda hukumatga ishonish yoki ishonmaslik haqida qaror qabul qilishi haqida xabar bergan edi.