Germaniyada BMW odamlarni bosib ketdi, qurbonlar va jarohatlanganlar bor

eʼlon qilindi
Ikki kishi halok bo‘lgan
Foto: MDR

Germaniyaning Saksoniya-Anxalt federal o‘lkasi poytaxti Magdeburg shahridagi Rojdestvo yarmarkasida qora rangli BMW avtomobili odamlar orasiga bostirib kirishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi va o‘nlab kishi jarohat oldi. Bu haqda Spiegel, MDR hamda boshqa nemis va Yevropa ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Spiegel ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa Yevropa vaqti bilan soat 19:04 da (Toshkent vaqti bilan 23:04) sodir bo‘lgan. To‘qnashuv kameralar tomonidan qayd etilgan va tezda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

Avtomobil haydovchisi politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Die Welt nashrining huquq-tartibot idoralari manbasiga asoslanib xabar berishicha, haydovchi 1974-yilda tug‘ilgan Saudiya Arabistoni fuqarosi bo‘lib, mashinani ijaraga olgan.

MDR xabariga ko‘ra, avtomobilda portlovchi qurilma o‘rnatilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Jarohatlanganlarning aniq soni hozircha ma’lum emas. MDR politsiyaga tayanib, kamida ikki kishi halok bo‘lganini xabar qilgan. AFP axborot agentligi esa qutqaruv xizmatlariga tayanib, 60 – 80 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.

Saksoniya-Anxalt o‘lkasi hukumati bu hodisani terrorchilik harakati deb atadi.

Germaniya kansleri Olaf Shols ham bu fojiaga munosabat bildirdi.

«Magdeburgdan kelgan yomon xabarlar yuragimni siqdi. Qurbonlar va ularning oila a’zolari haqida oʻylayapman. Biz ularning va Magdeburg ahlining tomonidamiz. Bu qiyin paytlarda fidoiy qutqaruvchilarga minnatdorchilik bildiraman», deb yozdi u X ijtimoiy tarmogʻida.

Shuningdek