Biznesni rivojlantirish banki reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortildi
Biznesni rivojlantirish banki reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, monitoring davomida Toshkent shahrida joylashgan reklama monitorlarida va internet platformalarida bank tomonidan taqdim etilgan kreditlar haqidagi ma’lumotlar toʻliq va aniq koʻrsatilmagan. Ya’ni «Biznesga 1,5 milliard, yillik 17,5 foiz» va «От 17% годовых, ипотека на квартиру в новостройке» kabi mazmunidagi reklamalarida kreditning muhim shartlari, jumladan, foiz stavkalarining aniq sharti, toʻlov muddatlari va boshqa talablar koʻrsatilmagan.
Mazkur holatlar yuzasidan Raqobat qoʻmitasi maxsus komissiyasi tomonidan «Reklama toʻgʻrisida»gi va «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi qonunlarga zid ravishda ish qoʻzgʻatilib, bankka moliyaviy jarima qoʻllash haqida qaror qabul qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank bir necha banklarni jarimaga tortgani haqida xabar bergan edi.