O‘zbekiston Xalqaro professional futbolchilar uyushmalari federatsiyasiga (FIFPRO) to‘la huquqli a’zo bo‘ldi. Respublika Futbolchilar uyushmasi raisi Kamoliddin Murzoev Kursiv Uzbekistan nashriga ushbu tashkilotga a’zolik mamlakatga qanday imkoniyatlar berishi haqida gapirib berdi.
O‘zbekistonning FIFPROga a’zoligi nimadan boshlangan
Murzoevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi 2017-yilda FIFPROga kuzatuvchi sifatida qo‘shilgan.
2021-yilda Uyushma FIFPRO a’zoligiga rasmiy nomzod bo‘ldi. 2024-yil noyabr oyida tashkilot Bosh Assambleyasi O‘zbekistonni to‘laqonli a’zo sifatida tasdiqladi.
FIFPRO 70 ta davlatni birlashtiradi. Bundan tashqari, u FIFA tomonidan butun dunyo futbolchilarining rasmiy vakili sifatida tan olingan yagona tashkilotdir. FIFPRO 60 mingdan ortiq sportchilarning mehnat huquqlarini himoya qiladi.
FIFPRO a’zoligi taqdim etayotgan asosiy imkoniyatlardan biri, bu – xorijlik futbolchilar uyushmalari bilan aloqalarni mustahkamlash.
«FIFPRO yordami bilan biz butun dunyo bo‘ylab futbolchilarimiz manfaatlarini samarali himoya qila olamiz, jumladan, shartnoma majburiyatlari bo‘yicha ularning xavfsizligini ta’minlay olamiz», – dedi Murzoev.
O‘zbekiston FIFPRO brendi va tashkilot logotipidan foydalanish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi
Uyushma o‘zbek futbolchilarini himoya qilishni maqsad qilgan
«O‘zbekiston futbolchilari huquqlarini himoya qilish borasidagi ilk yirik tajribani 2018-yilda mamlakat FIFPROga kuzatuvchi sifatida qo‘shilgandan bir yil o‘tib oldi. O‘shanda Janubiy Koreya ligasida Bahodir Pardaev bilan bog‘liq bahsli vaziyat hal qilingan edi», – deb aytdi Murzoev.
«Futbolchilarimiz o‘zlarining imij huquqlari, jumladan, video o‘yinlar, xususan, Konami va EA Sports kompaniyalari bilan bog‘liq munozarali muammolarga duch kelishmoqda. Biz ularni FIFPRO orqali hal qilishni ham rejalashtirmoqdamiz», – deya qo‘shimcha qildi u.
Shu paytgacha imij huquqlari masalasi e’tibordan chetda edi.
Ma’lumot uchun: sportdagi imij huquqlari ism, fotosurat, avtograf, bosh harflar, jismoniy xususiyatlar, ovoz va boshqa shaxsiy xususiyatlarni o‘z ichiga olishi mumkin.