2024-yilda Oʻzbekiston bozoriga qaysi xorijiy brendlar kirib keldi

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan bu haqda ekspert fikri bilan ham qiziqib ko‘rdi
Rasm: Olivier26 / www.depositphotos.com

2024-yil yakuniga yetib bormoqda, bu esa oʻtgan yilning muhim voqeliklarini tahlil qilish va sarhisob qilish uchun ayni muddao. Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,3 foizga o‘sdi. Ushbu iqtisodiy o‘sish orqali mamlakat dunyoning yirik kompaniyalarini oʻziga jalb qilib kelmoqda. Quyida 2024-yilda Oʻzbekiston bozoriga kirib kelgan xalqaro brendlar haqida soʻz yuritamiz.

Avtomobil sektori

Zeekr

Foto: Zeekr

Zeekr — Geely Holding Group kompaniyasiga tegishli avtomobil brendi hisoblanib, kompaniya asosiy eʼtiborini innovatsiyalar va harakatlanish uchun ekologik barqaror yechimlarga qaratib kelmoqda. Oʻzbekiston Qozogʻistondan keyin Markaziy Osiyoda ushbu brend elektromobillari sotuvi yoʻlga qoʻyilgan ikkinchi bozorga aylandi. Bugungi kunda kompaniya Oʻzbekiston bozoriga Zeekr 001, Zeekr 001All new, Zeekr 007, Zeekr X, Zeekr 7X avtomobillarini sotuvga qoʻygan.

Porsche

Foto: Porsche Uzbekistan

Joriy yilning 26-sentabr kuni Porsche kompaniyasi Qozogʻistonning Orbis Group kompaniyasi bilan hamkorlikda brendning Oʻzbekistondagi markazi qurilishini boshladi. Yangi markaz Destination Porsche dizayn konsepsiyasi taqdim etilgan mintaqadagi birinchi markazlardan boʻladi. Markazning shourum qismi 38 ming kvadrat metr maydonni egallaydi. U Oʻzbekistonda Porsche avtomobillarining rasmiy sotuvi va sotuvdan keyingi xizmatlarni toʻliq taʼminlaydi. Markaz 2025-yilning ikkinchi yarmida toʻliq ishga tushadi.

Neta

Foto: Zagwheels.com

Joriy yil oktabr oyida Xitoyning yana bir elektromobil brendi Neta Oʻzbekiston bozoriga rasman kirib keldi. Kompaniya 2014-yil oktabr oyida tashkil etilgan Hozon New Energy Automobile Co. kompaniyasining shuba brendi hisoblanadi. Kompaniya elektromobillarni ishlab chiqarish, sotish, shuningdek, dasturiy taʼminot xizmatlarini taqdim etish bilan shugʻullanadi. Kompaniya Oʻzbekiston bozoriga dastlab Neto X elektromobili taqdim qildi.

Morris Garages

Foto: MG Motor Uzbekistan

2024-yilda yana bir avtomobil brendi — Britaniyaning Morris Garages (MG) kompaniyasi Oʻzbekiston bozoriga rasman kirib keldi. Brend distribyutori Machinery motors investment group boʻlib, avtomobillar savdosi joriy kuzda boshlandi.

Kompaniya saytidagi maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda MGʻning MG ZS va MG HS modellari sotuvga mavjud, shuningdek, kelgusida MG 4 EV, MG 7, MG Cyberster modellari chiqishi rejalashtirilgan.

Kursiv Uzbekistan bilan suhbatda boʻlgan Alkes Research investitsiya va konsalting kompaniyasi boshqaruvchi direktori Odil Musayevning soʻzlariga koʻra, joriy yil avtomobil bozori oʻziga xos oʻyinchilar bilan boyidi. Porsche, Zeekr premium brendlarining bozorga chiqishi yuqori toifadagi avtomobillar va elektromobillar ishlab chiqaruvchilarning mamlakatga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Kiyim-kechak sektori

Inditex

Foto: Kursiv Uzbekistan

Joriy yil fevral oyidan boshlab Oʻzbekistonliklar Ispaniyaning yirik moda brendi Inditex kompaniyasining doʻkonlariga tashrif buyurish imkoniga ega boʻldi. Tashkent City Mall savdo markazi ishga kutishi bilan Zara, Zara Home, Massimo Dutti, Oysho, Bershka, Stradivarius va Pull&Bear kabi brendlarning rasmiy doʻkonlari ochildi. Ushbu doʻkonlar Oʻzbekistonda zamonaviy kiyim-kechak va uy jihozlari boʻyicha talabni qondirishni maqsad qilgan.

Boss

Foto: Kursiv Uzbekistan

Germaniyaning mashhur Boss brendi ham Oʻzbekiston bozoriga kirib keldi. 2024-yil 2-may kuni Toshkentdagi Tashkent City Mall savdo va koʻngilochar markazida brendning ilk doʻkoni ochildi. Maʼlumot uchun, oʻtgan yili kompaniya rebrending qilgan edi. Endi u ikkita alohida brendga ega, yaʼni Z avlodi uchun Hugo va milleniallar uchun Boss.

Shuningdek, Tashkent City Mall ishga tushganidan keyin xalqaro bozorda taniqli boʻlgan Calvin Klein, Converse, NewYorker, OVS, Terranova, Stradivarius brendlar ham oʻz doʻkonlarini mazkur savdo markazida ishga tushirdi.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, mamlakatdagi eng yirik savdo-koʻngilochar markazlaridan biri boʻlgan Tashkent City Mallʼning ochilishi yilning eng muhim infratuzilmaviy loyihasi boʻldi.

«Isteʼmolchilar segmentida Inditex doʻkonlarining ochilishi muhim voqea boʻldi. Umumiy maydoni 250 ming kvadrat metr va qiymati yarim milliard dollarga teng loyiha chakana savdo va turizmni rivojlantirishda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda muhim katalizator boʻldi. Obyekt savdoning oʻsishini va yangi xalqaro oʻyinchilarning mahalliy bozorga chiqishi uchun qulay sharoitlar yaratadi», — dedi Musayev.

Umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish sektori

Papa Johnʼs

Foto: nrn.com

Dunyodagi eng yirik uchinchi pitsa tarmogʻi hisoblangan Amerikaning Papa Johnʼs brendi Oʻzbekiston bozoriga kirib keldi va yil davomida juda tez rivojlanishga erishdi. Yil boshida 6 ta filial ochishni rejalashtirgan kompaniyaning bugungi kunga kelib shahar boʻylab 15 ta tarmogʻi mavjud.

Papa Johnʼs brendi 1984-yilda Jon Shnatter tomonidan tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda dunyo boʻylab 5,5mingdan ortiq tarmoqqa egalik qiladi.

Domino’s Pizza

Foto: Joeppoulssen / depositphotos.com

May oyida Toshkentda birinchi Dominoʻs Pizzaʼning birinchi tarmogʻi ochilgan edi. Bugungi kunga kelib pista tarmogʻining oltita filiali bor. Kompaniya 1960-yilda tashkil etilgan boʻlib, 2023-yilda kompaniyaning daromadi $4,48 milliardni tashkil etdi. Dominoʻs Pizza 85 mamlakatda faoliyat yuritadi va kuniga 3 milliondan ortiq pitsa sotadi.

Wolt

Foto: ynos21 / Depositphotos.com

Finlyandiyaning Wolt oziq-ovqat va tovarlarni yetkazib berish xizmati Oʻzbekistonda 2024-yil sentabr oyida oʻz faoliyatini boshladi. 2014-yilda tashkil etilgan kompaniya bugungi kunda 28 mamlakatda faoliyat yuritadi. Woltʼning mamlakatda Uzum va Yandex uchun yaxshigina raqobat hosil qilishi kutilmoqda.

Yandex Lavka

Foto: Yandex Uzbekistan

Oʻzbekiston bozoriga ancha moslashib boʻlgan Yandex Uzbekistan mamlakat bozori uchun yana bir xizmati Lavka tezkor oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini yoʻlga qoʻydi. Xizmat foydalanuvchilarga oziq-ovqat, maishiy tovarlar, tayyor ovqat yetkazib beradi. Mahsulotlarning koʻpi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan taqdim etiladi. Buyurtmalar uchta darkstor orqali amalga oshirilib, 2025-yilgacha yana 12 ta darkstor ochilishi rejalashtirilgan.

«Elektron tijorat sohasi ham sezilarli oʻsib bormoqda. Oziq-ovqat yetkazib berish sohasida dunyo yetakchilaridan biri boʻlgan Wolt kompaniyasi mamlakatda oʻz faoliyatini boshlagani elektron tijoratning jadal surʼatlarda rivojlanayotganidan dalolat beradi», — dedi Alkes Research vakili.

Supermarket

Galmart

Foto: Kursiv Uzbekistan

Qozogʻistonning Galmart supermarketlar tarmogʻi Oʻzbekiston bozoriga kirib kelib, birinchi doʻkonini Tashkent City Mall hududida ochdi. Ushbu tarmoq Qozogʻistondan tashqarida ochilgan birinchi savdo nuqtasiga aylandi. Supermarket tomonidan taklif qilinayotgan mahsulotlarning uchdan bir qismi oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlar hisoblanadi.

Moliya sektor

Shuningdek, Musayev Oʻzbekistonning moliya sektori ham faol rivojlanayotganini taʼkidlab, Xitoy eksport-import banki Toshkentda mintaqada biznesni boshqarish uchun mintaqaviy ofis ochganini eslab oʻtdi.

«Citibanki Oʻzbekistonda vakolatxonasining ochilishini eʼlon qildi, bu xalqaro moliya institutlarining mamlakat salohiyatiga boʻlgan ishonchi haqida dalolat beradi. Investitsiya sohasida Ozarbayjon — Oʻzbekiston investitsiya kompaniyasi ofisining ochilishi, shuningdek, Franklin Templetonʼning milliy investitsiya fondini boshqarish rejalari alohida ajralib turadi. Shuningdek, Oʻzbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga (YTB) qoʻshilishi mintaqaviy moliyaviy hamkorlikni kuchaytirishi kutilmoqda», — deydi ekspert.

Qaysi brendlar Oʻzbekistonda kirishni rejalashtirmoqda

2025-yilda ham bir qancha xalqaro brendlar Oʻzbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Ular qatoridan Yandex Market, Xitoyning Geely avtomobil brendi, shuningdek, Vodafone uyali aqola operatorini koʻrish mumkin.

Shuningdek