Raqobat qoʻmitasining aralashuvi bilan 1 mlrd soʻmlik asossiz qarzdorlik bartaraf etildi
Foto: Pexels.com
Surxondaryo viloyatidagi «Sherobod sement zavodi» MCHJ asossiz qarzdorlikka duchor bo‘ldi. «Hududgaz» Surxondaryo filialining noto‘g‘ri tarif hisoblashlari sabab 1 mlrd so‘mlik qarzdorlik yuzaga keldi.
Ma’lum qilinishicha, 2022-yil iyul va avgust oylarida gaz narxlari noto‘g‘ri hisoblangan. Zavod avval «Olmaliq kon metallurgiya kombinati» (OKMK) tarkibida bo‘lganida oldindan to‘lov qilingan. 2022-yilda MCHJ sifatida ajralib chiqqach eski tarif bo‘yicha hisob-kitob davom ettirildi. Natijada har kubometr uchun 300 so‘m ortiqcha narx qo‘llanilgan.
Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilingach holat hududiy boshqarmada o‘rganildi. Maxsus komissiya «Hududgaz» Surxondaryo filialiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Komissiya tadbirkor foydasiga noto‘g‘ri hisoblangan mablag‘ni qayta hisoblash haqida qaror chiqardi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan farg‘onaliklarning 4 mlrd so‘m asossiz yozilgan qarzlari qaytarib berilgani haqida xabar bergan edi.