Prezident MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni Sankt-Peterburgda MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tadbirda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari ham qatnashdi. Uchrashuvda 2024-yilda amalga oshirilgan birgalikdagi ishlar va kelgusi yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.
Tomonlar savdo va kooperatsiyani kengaytirish, ayniqsa, o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish masalasida qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, yangi yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, «yashil» energetika, raqamli texnologiyalar va kreativ iqtisodiyot sohalarida fikr almashildi. Uchrashuvda MDH doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirish ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyev va Vladimir Putinga hamdardlik yo’llagan edi.