Markaziy bankning Kiberxavfsizlik markazi APWG xalqaro tashkilotiga a’zo bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Bankining «CERT-CBU» Kiberxavfsizlik markazi APWG (Anti-Phishing Working Group) xalqaro tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Bu haqda regulyator rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, bu a’zolik Markaziy bankning kiberxavfsizlik sohasida tajriba almashish, bank va to‘lov tizimlarida xavfsizlikni ta’minlash hamda global kiberhujumlardan ogoh bo‘lish imkoniyatlarini yaratadi.
APWG tashkiloti a’zoligiga qo‘shilish, shuningdek, phishing, SMS hujumlari, zararli domenlar va IP-manzillar haqida katta miqdordagi ma’lumotlarni tahlil qilish orqali kiberxavfsizlik xatarlarini oldini olishda samarali choralar ko‘rish imkonini beradi.
Ma’lumot o‘rnida, APWG 2003 yilda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va global miqyosda ma’lumot almashish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 2,3 mingdan ortiq tashkilotni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashiga a’zo boʻlgan edi.