Yangi temir yo‘l Buyuk Ipak yo‘lining qayta tiklanishiga hissa qo‘shadi – Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston yangi temir yo‘li qurilishi boshlanishini tarixiy voqea deb atadi. Bu temir yo‘l Buyuk Ipak yo‘lining qayta tiklanishiga hissa qo‘shishini aytdi. Shuningdek, u xalqlarni yaqinlashtirishda ushbu yo‘lning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur loyiha 30 yillik intilishning natijasidir.
Temir yo‘l Markaziy Osiyoni Xitoy bilan qisqa yer usti yo‘li orqali bog‘laydi. Prezident bu yo‘l mintaqaviy savdo va investitsiyalar hajmini bir necha barobar oshirishini ta’kidladi.
Koshg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishida 20 ta stansiya va 42 ta ko‘prik quriladi. Shuningdek, zamonaviy tranzit-logistika infratuzilmasi va terminallar barpo etiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yo‘l orqali yiliga 15 million tonna yuk tashish rejalashtirilmoqda. Xitoydan Yevropaga yuk yetkazish masofasi bir necha ming kilometrga qisqaradi.
Prezident Mirziyoyev loyiha barcha mamlakatlarga iqtisodiy foyda olib kelishini ta’kidladi. Shuningdek, minglab ish o‘rinlari yaratilishi kutilayotganini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishi boshlangani haqida xabar bergan edi.