Las-Vegasdagi portlashda ChatGPT ishlatilgani haqida politsiya bayonot berdi

eʼlon qilindi
Sun’iy intellekt tanqidchilari ushbu hodisani xavotirli deb baholamoqda
Foto: Reuters

Yangi yil kuni Las-Vegasdagi Trump International mehmonxonasi yaqinida sodir bo‘lgan portlashda Tesla Cybertruck haydovchisi portlashni rejalashtirish uchun ChatGPT’dan foydalangan. Bu haqda Las-Vegas politsiyasi seshanba kuni jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozadi Reuters nashri.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, gumondor portlashni amalga oshirish uchun qancha portlovchi kerakligini aniqlashda ChatGPT’dan foydalangan. Voqea joyida o‘lik holda topilgan shaxs 37 yoshli Kolorado Springslik Metyu Livelsberger bo‘lib, u harbiy xizmatda bo‘lgan. Federal qidiruv byurosi bu voqeani o‘z joniga qasd qilish holati sifatida tasnifladi.

Las-Vegas Metropolitan politsiya boshqarmasi bu ChatGPT yordamida portlovchi moslama yaratishga urinish bo‘yicha AQShda qayd etilgan birinchi holat ekanini ta’kidladi.

Sun’iy intellekt tanqidchilari ushbu hodisani xavotirli deb baholamoqda. Ularning fikricha, AI vositalaridan zararli maqsadlarda foydalanish ehtimoli ortmoqda.

ChatGPT yaratuvchisi OpenAI voqea yuzasidan izoh berib, ularning modellari zararli yoki noqonuniy harakatlarni rag‘batlantirmasligini aytdi. Kompaniya so‘zlariga ko‘ra, ChatGPT faqat Internetda mavjud ochiq ma’lumotlarga asoslangan javoblar beradi va xavfli harakatlarga qarshi ogohlantirishlar beradi.

Las-Vegas politsiyasi voqeani o‘rganishda davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OpenAI rahbari kontent mualliflariga sun’iy intellektni o‘rgatish uchun to‘lov qilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek