Bortkuzatuvchiga tegajogʻlik qilgan yoʻlovchi besh sutkaga qamaldi
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Sochi – Toshkent reysida yoʻlovchi bortkuzatuvchiga tegajogʻlik qilgani uchun besh sutkaga qamaldi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 2024-yil 31-dekabr kuni sodir boʻlgan. Mast holatdagi yoʻlovchi ekipaj ogohlantirishlariga tajovuzkorona munosabatda boʻlgan va boshqa yoʻlovchilarga noqulaylik tugʻdirgan.
Toshkentga yetib kelgach Toshkent xalqaro aeroporti Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari havo kemasi sahniga chaqirtirilib, huquqbuzarga nisbatan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan va toʻplangan materiallar sudga topshirilgan.
Sud erkakni jinsiy tegajogʻlik va jamoat joylarida spirtli ichimliklar iste’moli qoidalarini buzishda aybdor, deb topdi. Unga besh sutkalik qamoq jazosi va 375 ming soʻmlik jarima tayinlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Novosibirskdan Fargʻonaga uchgan samolyoti tuman sababli qoʻna olmagani haqida xabar bergan edi.