Har bir shaxs uchun plastik kartalar sonini cheklash foyda keltiradimi: ekspertlar fikri

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Kursiv Uzbekistan mutaxassislar bilan ushbu yangi talabning bozorga ta’siri haqida suhbatlashdi
Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Oʻzbekiston Markaziy banki 2025-yil 1-yanvardan boshlab bir kishiga rasmiylashtirilishi mumkin boʻlgan bank kartalari sonini cheklash haqida qaror qabul qildi. Yangi qoidalarga koʻra, bir bankda beshtagacha karta ochish mumkin, umumiy hisobda esa bir mijozga butun bank tizimi boʻyicha yigirmatagacha karta olishga ruxsat etiladi. Kursiv Uzbekistan mutaxassislar bilan ushbu yangi talabning bozorga ta’siri haqida suhbatlashdi.

Mazkur tashabbus oʻtgan yilning noyabr oyida e’lon qilingan edi. Regulyatorning fikricha, bu kabi choralar firibgarlikka qarshi kurashda samarali boʻlishi mumkin. Biroq avvalroq ta’kidlanganidek, bu qoida valyuta kartalariga taalluqli emas.

«Drop» kartalar va firibgarlar

2024-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda muomalada bo‘lgan kartalar soni 56,9 millionga yetdi. Bir yil davomida 10 milliondan ortiq yangi kartalar chiqarilib, o‘sish 26 foizni tashkil etdi. Biroq Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, kartalarning oz qismi firibgarlik maqsadlarida ishlatilgan.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim hollarda bir kishiga rasmiylashtirilgan kartalar soni 30 tadan 651 tagacha (virtual kartalar bilan birga) o‘zgarib turadi. Bir jismoniy shaxs nomiga koʻp miqdorda kartalar rasmiylashtirilganda, firibgarlik harakatlarida ishtirok etish holatlari aniqlangan.

«Hozirda “drop» kartalar degan tushuncha bor. Bu holatda bir kishiga ko‘p miqdorda kartalar ochiladi va ular pul o‘tkazmalari uchun ishlatiladi, – deya tushuntirdi Universal bank kuzatuv kengashi raisi Anvar Irchaev. – Bu odatiy kartalardan foydalanish bilan bog‘liq emas, balki firibgarlik yoki noqonuniy biznesga o‘xshab ko‘rinadi. Cheklovlarni joriy etish fuqarolarni himoya qilish uchun normal chora hisoblanadi”.

Shuningdek, u ushbu yangi tartibning asosiy maqsadi firibgarlikka qarshi kurashish ekanini ta’kidladi.

«Plastik kartalar bilan bogʻliq firibgarliklar bank tizimiga boʻlgan ishonchni yoʻqotishga olib kelishi mumkin. Biz fuqarolarimizni bundan himoya qilish haqida jiddiy oʻylashimiz kerak», – dedi Irchayev.

Odamlarga ta’siri qanday bo‘ladi?

«Menimcha, bu cheklovlarning aksariyat odamlarga ta’siri bo‘lmaydi. Bir bankda beshta karta yoki umumiy hisobda 20 ta kartaga ega bo‘lish holati kamdan-kam uchraydi. Odatda insonlarda ikki-uchta karta bo‘ladi. Gap UzCard va Humo kartalari haqida ketmoqda, chunki yangi qoida valyuta kartalariga taalluqli emas», – dedi Universal bank kuzatuv kengashi vakili.

«Kapitalbank» kuzatuv kengashi raisi maslahatchisi Ulugʻbek Tavakkalovning fikricha, bu cheklov foydalanuvchilar uchun ham, banklar uchun ham ijobiy ta’sir koʻrsatadi.

«Soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonda chakana sektor rivojida katta yutuqlarga erishildi. Agar besh yil avval nafaqa oluvchilarga naqd pul emas, karta orqali nafaqa olishni taklif qilganimizda, ko‘plab savollar tug‘ilgan bo‘lardi. Hozir esa vaziyat o‘zgardi: kartalardan nafaqat nafaqaxo‘rlar, balki talabalar va boshqa ko‘plab fuqarolar faol foydalanmoqda. Aholining ehtiyojlari ham o‘zgardi – endi ko‘proq “kartani qanday to‘ldirish mumkin» degan savol beriladi, naqd pulni qanday olish emas”, – deydi Tavakkalov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy savodxonlikning oshishi bitta odamda kartalar sonini kamaytirishga yordam beradi, chunki endi har bir oila a’zosi o‘z kartasiga ega bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, zamonaviy kartalar ko‘p funksiyali bo‘lib qoldi: bitta kartadan mahalliy va xalqaro bozorda, shuningdek, debet va kredit operatsiyalari uchun foydalanish mumkin.

«Bitta bankda beshta karta hattoki eng murakkab ehtiyojlarni ham qondirish uchun yetarli. Bu banklar uchun ham foydali: xizmat koʻrsatish xarajatlari kamayadi va jarayonlar hamda mahsulotlarni boshqarish yaxshilanadi», – deydi u.

Texnik qiyinchiliklar bor, lekin yechim topiladi

Hozirda banklar bir kishining turli muassasalarda nechta kartasi borligini aniqlay olmaydi. Anvar Irchaevning fikricha, kelajakda bu muammo Markaziy bank tomonidan taqdim etiladigan texnik yechimlar yordamida hal qilinadi.

«Markaziy bank har bir shaxsga tegishli barcha kartalarni ko‘rsatadigan tizim yaratishi mumkin. Hozir biz regulyatordan bu qanday amalga oshirilishi bo‘yicha ko‘rsatmalarni kutyapmiz», – deya tushuntirdi mutaxassis.

Hozircha bir qator savollar ochiq qolmoqda: avvaldan ochilgan kartalar bilan nima qilish kerak?

Hozirda bir bankda beshta kartadan ortiq kartaga ega mijozlar nima qilishi kerakligi hali aniq emas. Ortiqcha kartalarni bekor qilish kerakmi? Agar mijoz kartalardan halol foydalanayotgan bo‘lsa va ularni bekor qilishga rozi bo‘lmasa, qanday mexanizmlar joriy etiladi? Kursiv Uzbekistan ushbu savollarni Markaziy bankka yo‘lladi va javoblarni keyingi materiallarda e’lon qiladi.

Shuningdek