O‘zbekistonda mayiz eksporti 5,3 foiz o‘sish qayd etib, $64,8 million daromad keltirdi
2024-yilning yanvar – noyabr oylarida O‘zbekiston 43,8 ming tonna mayiz eksport qildi. Ushbu mahsulotlar xalqaro bozorga $64,8 million qiymatda sotilgan. Daromad miqdori bir yil ichida 5,3 foiz oshgan bo‘lsa-da, eksport uchun yetishtirish miqdori kamaygan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
Ta’kidlash joizki, 2023-yilning yanvar – noyabr oylarida bu ko‘rsatkich 52,2 ming tonnani tashkil etgan.
O‘tgan yilda eng ko‘p mayiz eksport qilingan davlatlar orasida Turkiya birinchi o‘rinda turib, unga 7,5 ming tonna mahsulot yetkazib berildi. Ikkinchi o‘rinda Xitoy bo‘lib, bu davlatga 6,7 ming tonna mayiz eksport qilindi. Qozog‘iston esa uchinchi o‘rinda, unga 6 ming tonna mahsulot eksport qilindi.
Shuningdek, Rossiyaga 3,3 ming tonna, Birlashgan Arab Amirliklariga 2,8 ming tonna va Braziliyaga 2,4 ming tonna mayiz yetkazib berildi. Qolgan davlatlarga jami 15,1 ming tonna mayiz eksport qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatga $1,18 mlrd qiymatidagi avtomobillar import qilingani haqida xabar bergan edi.