Inessa Papernayaning o‘limi bo‘yicha ish doirasida to‘rt kishi qo‘lga olindi
Rossiyalik jurnalist Inessa Papernayaning vafoti bo‘yicha ish doirasida to‘rt kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ish bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda.
O‘tgan yilning oktabr oyida Toshkentdagi mehmonxonalardan birida Inessa Papernaya va uning sherigi Maksim Radchenkoning jasadlari topilgan edi. Mehmonxonada, shuningdek, o‘zbekistonlik Xushnud Udekovning ham jasadi aniqlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Radchenkoning qonida karboksigemoglobin va sulfid vodorod (serovodorod) izlari topilgan. Ushbu moddalar katta miqdorda inson salomatligi uchun xavfli hisoblanadi.
Papernayaning tanasida sulfid vodorod va karboksigemoglobindan tashqari, etil spirtining kichik konsentratsiyasi ham aniqlangan.
Bundan oldin Bosh prokuratura ularning o‘limiga noma’lum etiologiyali zaharlanish sabab bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, uch kishining o‘limi maishiy gaz tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligi ham taxmin qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Komil Allamjonovga nisbatan suiqasd ishi bo‘yicha Harbiy sudda mahkama boshlangan edi.