Davlat bog‘chalarida autsorsing usuli joriy etiladi
Davlat bog‘chalarida bolalarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini ta’minlash maqsadida yangi qaror qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2025-yil 6-yanvarda tasdiqlangan ushbu qaror asosida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlanish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator yangiliklar joriy etiladi.
Bog‘chalarda autsorsing usulini joriy etish rejalashtirilib, barcha jarayonlar maxsus «Bolalar bog‘chasi» axborot tizimi orqali boshqariladi. Bundan tashqari, respublika bo‘ylab yagona mavsumiy taomnoma amaliyotga kiritiladi, bunda bolalarning kundalik ovqatlanish xarajatlari belgilangan tartibda hisoblanadi.
Shuningdek, ta’lim sohasida ovqatlanishni tashkil etish va nazorat qilish markazi tashkil etilib, u sog‘lom ovqatlanish jarayonlarini muvofiqlashtiradi va raqamlashtirishni amalga oshiradi. 2025-yil 1-iyulga qadar davlat bog‘chalarida tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzilishi va autsorsing asosida sog‘lom ovqatlanish tizimi ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xususiy bolalar bog‘chalarini ochish uchun qaysi banklar imtiyozli kreditlar berishi haqida yozgan edik.