“O‘zavtosanoat” o‘qituvchilarga imtiyozli avtokredit bilan avtomobil sotadimi — rasmiy izoh
Ijtimoiy tarmoqlarda UzAuto Vazirlar Mahkamasining oʻqituvchilar uchun avtomobillarni tijorat banklari orqali 60 oy muddatga va 30 foiz dastlabki toʻlov bilan imtiyozli shartlar asosida xarid qilish boʻyicha topshirigʻini rad etgani haqida xabarlar keng tarqaldi. Holat yuzasidan kompaniya rasmiy izoh berdi.
Kompaniya Vazirlar Mahkamasining topshirigʻini rad etgani toʻgʻrisidagi xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini hamda feyk xabar ekanligini maʼlum qildi.
«“Oʻzavtosanoat» AJ tijorat banklari tomonidan Vazirlar Mahkamasining topshirigʻi ijrosi doirasida beriladigan imtiyozli avtokreditlar orqali avtomobillarni sotishga tayyor”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, xatning asl nusxasida avtomobil xarid qilish uchun «Asakabank», «Aloqa Bank», «Ipak Yoʻli Banki», «Infinbank», «Biznesni Rivojlantirish Banki», «Asia Allince Bank» va «Tenge Bank» orqali turli mexanizmlar, jumladan, imtiyozli shartlarda joriy etilganligi maʼlum qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAuto Motorsʼga yangi rahbar tayinlangani haqida xabar bergan edi.