UzTest Piskent avtopoligonidagi elektron navbat tizimi ishlamayotgani haqidagi xabarlarni inkor etdi

eʼlon qilindi
Avtomobillarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish vaqti 15 daqiqagacha qisqartiriladi
Foto: michaeljung / www.depositphotos.com

Ijtimoiy tarmoqlarda Piskent avtopoligonida avtomobillarning muvofiqligini baholashga onlayn navbat olish tizimi ishlamay qolgani haqida xabar tarqalmoqda. Holat yuzasidan Oʻzbekiston ilmiy sinov va sifat nazorati markazi (UzTest) rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, respublika hududiga import qilinayotgan M1 toifadagi (yengil) avtotransport vositalarining Piskent poligonida sinovlarni tartibli ravishda navbat bilan oʻtkazish maqsadida my.gov.uz saytida elektron navbat tizimi joriy qilingan. Ushbu tizimda avtotransport vositasi egasi oʻzining JSHSHIR (PINFL) orqali navbat olish imkoniyati yaratilgan.

«Har bir avtotransport vositasining sinoviga 20 daqiqa ajratilgan boʻlib, sinov laboratoriya imkoniyatidan kelib chiqqan holda har kuni 24 soat mobaynida jami 72 ta avtotransport vositasini sinovdan oʻtkazish sharoiti mavjud», – deyiladi xabarda.

Elektron navbat tizimida JSHSHIR boʻyicha faqatgina bitta navbat olinishi koʻzda tutilgan edi. Ammo avtotransport vositalari egalari elektron navbatni boshqa vaqt va kunlarga ham olish funksiyalaridan foydalanishni boshlagan.

Masalan, bir xil JShShIR boʻyicha ikkita sanaga bir xil avtotransport vositasi uchun navbat olingan. Bunday holda onlayn navbat olish tizimida roʻyxat belgilangan hajmdan oshib ketib, olib borilayotgan elektron navbat ketma-ketligi buziladi.

Kelib chiqqan vaziyatni toʻgʻrilash maqsadida elektron navbat olish tizimi qayta koʻrib chiqilib, quyidagi oʻzgarishlar kiritildi:

  • bitta JSHSHIR ga tizimda faqat bitta navbat berilishi joriy qilindi (olingan elektron navbat foydalanilguncha);
  • foydalanilmagan elektron navbatni tizimdan avtomatik ravishda oʻchirib tashlash;
  • sinov laboratoriya xodimlarining sonini koʻpaytirgan holda sinov vaqtini 15 daqiqa qilib belgilash (bir kunda 96 ta avtotransport vositasi sinovdan oʻtkaziladi).

Eslatib oʻtamiz, 1-noyabrdan boshlab Oʻzbekiston hududiga rasmiy dilerlar tomonidan olib kirilayotgan avtomobillar Toshkent viloyatidagi Piskent poligonida toʻliq sinovdan oʻtkazilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yengil avtomobillar importida muvofiqlik sertifikatining narxi oshirilganiga nima sabab boʻlgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek