BAA bilan chiqindidan elektr energiyasi olish bo‘yicha $200 mlnlik shartnoma imzolandi
Kopengagendagi Amager Bakke, Kopenxill chiqindilardan energiyaga aylantiruvchi elektr stantsiyasining tomida chang‘i zonasi bilan havodan ko‘rinishi.
Abu-Dabida o‘tayotgan «Barqaror rivojlanish haftaligi» xalqaro sammiti doirasida O‘zbekiston va BAA o‘rtasida chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha yirik shartnoma imzolandi. Ushbu loyiha xorijiy investitsiyalar asosida amalga oshiriladi. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.
Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi hamda BAAning «Tadweer Group» kompaniyasi loyihani hamkorlikda amalga oshiradi.
Loyiha doirasida Buxoro viloyatida qiymati $200 mlnga teng chiqindi yoqish zavodi qurilishi rejalashtirilgan. Zavod kuniga 1,5 ming tonna chiqindini termik usulda qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, qurilish ishlari 2025-yilda boshlanadi. 2027-yilda zavod nafaqat Buxoro, balki Navoiy viloyati uchun ham elektr energiyasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.
Loyiha natijasida yiliga 547,5 ming tonna chiqindi utilizatsiya qilinadi, 363 million kVt/soat elektr energiya ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, chiqindi poligonlari hajmi 50 foizga qisqaradi, bu esa atrof-muhitga salbiy ta’sirni sezilarli darajada kamaytiradi.
Mazkur zavod faoliyati orqali 21 ming xonadon elektr energiya bilan ta’minlanadi, 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va har yili 350 nafar malakali mutaxassis tayyorlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev BAA bilan «quruq» portlar barpo etishga kelishgani haqida xabar bergan edi.