TikTok AQShda yopilishi mumkin
TikTok ijtimoiy media platformasi AQShda federal darajada taqiq kuchga kirishi mumkin bo‘lgan yakshanba kuniga qadar ilovani to‘xtatishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Reuters ma’lum qildi.
Ushbu taqiq faqat Oliy sudning aralashuvi orqali to‘xtatilishi mumkin. Ilovani ochishga uringanlarda taqiq haqida ma’lumot beruvchi xabar paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, foydalanuvchilarga o‘z ma’lumotlarini yuklab olish imkoniyati taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Prezident Jo Bayden 2024-yilda TikTokning xitoylik egasi ByteDance’dan AQShdagi aktivlarini sotishni talab qiluvchi qonun imzolagan edi. Ushbu talab 2025-yil 19-yanvarga qadar bajarilmasa, TikTok butun AQSh bo‘ylab taqiqlanishi belgilangan.
TikTok bu qarorni AQSh Konstitutsiyasining Birinchi tuzatmasi – so‘z erkinligini cheklashga zid ekanini ta’kidlab, sud orqali uni kechiktirishga harakat qilmoqda. ByteDance va TikTok ushbu masalada hozircha izoh bermagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy TikTokʼni Ilon Maskka sotishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.