Tijorat banklari Call-markazlari xizmat ko‘rsatish darajasi baholandi
2024-yil dekabr oyida «SNS Ratings» reyting agentligi tomonidan O‘zbekiston tijorat banklari Call-markazlari xizmat ko‘rsatish darajasini baholash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazildi. Tadqiqot maxfiy mijoz usuli orqali 24 – 26-dekabr kunlari amalga oshirilib, banklarning xizmat sifatini oshirishda muhim natijalar qayd etildi.
Tadqiqot davomida 35 ta bank orasidan 31 tasiga qo‘ng‘iroq qilindi. To‘rtta bank bilan texnik sabablarga ko‘ra bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Baholash quyidagi mezonlar asosida amalga oshirildi: operator bilan ulanish tezligi, xizmat ko‘rsatish madaniyati, operatorlarning professionalligi va suhbat davomiyligi.
Reyting natijalariga ko‘ra, «Davr Bank» 95,70 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinni 95,68 ball bilan «O‘zmilliybank», uchinchi o‘rinni esa 94,19 ball bilan «Anor Bank» egalladi. «Agrobank» 94,14 ball bilan to‘rtinchi o‘rinda joylashdi. Umuman olganda, 31 bankdan 14 tasi «AAA» reytingiga sazovor bo‘lib, ideal xizmat ko‘rsatish darajasini namoyish etdi.
Tadqiqot jarayonida birinchi urinishda deyarli barcha banklarga muvaffaqiyatli qo‘ng‘iroq amalga oshirilgani qayd etildi. Operatorlarning xizmat ko‘rsatish madaniyati va professional tayyorgarligi yuqori baholandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan eng yaxshi ilovalarga ega O‘zbekiston banklari reytingi e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.