Jasjan nomi bilan tanilgan bloger besh sutkaga qamaldi
Toshkentda Instagram uchun video olish maqsadida jamoat tartibini buzgan bloger Jasurbek Shodiyev (Jasjan) besh sutkaga qamaldi. Bu haqda Kursiv Uzbekistanʼga Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.
11-yanvar kuni Hilton mehmonxonasi oldida Shodiyev tanishi Sadaf Saidova bilan oldindan kelishib, janjalli video suratga olgan. Ular bir-birini haqorat qilgan holda jamoat tartibini buzib, ushbu videoni Instagramʼga joylagan.
13-yanvar kuni Shayxontohur tumani sudi Shodiyevni Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) boʻyicha aybdor deb topib, 5 sutka qamoq jazosi tayinladi. Shuningdek, har kunlik saqlash xarajatlari uchun undan BHMning 15 foizi undirilishi belgilandi.
Sadaf Saidova esa jarima jazosi bilan jazolandi. Unga BHMning bir baravari (375 ming soʻm) miqdorida jarima tayinlandi.
Eslatib oʻtamiz, Jasjan avval ham jamoat tartibini buzganlik uchun bir necha marta javobgarlikka tortilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sankt-Peterburgda oʻzbekistonlik bloger qoʻlga olingani haqida xabar bergan edi.