Fix Price 700 ta do‘kon ochishni rejalashtirmoqda
Fix Price do‘konlar tarmog‘i 2025-yilda kamida 700 ta chakana savdo nuqtalarini ochish niyatida, deb xabar berdi «RIA Novosti».
Kompaniya o‘zi faoliyat yuritayotgan mamlakatlarda kengayishni, shuningdek, yangi bozorlarni – Yaqin Sharq va Sharqiy Yevropa mamlakatlarini o‘zlashtirishni rejalashtirmoqda.
2024-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, o‘nta davlatdagi Fix Price do‘konlarining umumiy soni 7,1 mingdan oshdi, o‘tgan yili O‘zbekistonda ikkita, Armanistonda uchta va Qozog‘istonda 57 ta savdo nuqtalari ochildi.
Eslatib o‘tamiz, Fix Price O‘zbekiston bozoriga 2020-yilda kirib kelgan. Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Uchtepa, Olmazor tumanlarida ilk do‘konlar ochildi.
Ikki yil o‘tgach kompaniya mamlakatimizdagi biznesini to‘liq franchayzing modeliga o‘tkazdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fix Price Kiprni Qozog‘istonga almashtirishi haqida xabar bergan edi.