Istanbulda soxta spirtli ichimliklar qurboni bo‘lganlar soni ortmoqda, ular orasida o‘zbeklar ham bor

eʼlon qilindi
Spirtli ichimlikdan zaharlanish oqibatida vafot etgan o‘zbeklar soni 10 nafarni tashkil etadi
Foto: photographee.eu / www.depositphotos.com

Istanbul gubernatorligining ma’lum qilishicha, so‘nggi 48 soat ichida shaharda soxta spirtli ichimliklardan zaharlanish oqibatida 66 ta holat qayd etilgan. Bu haqda Anadoulu nashri malum qildi.

Ushbu holatlar natijasida 23 kishi vafot etgan, 32 bemor intensiv terapiya bo‘limlarida intubatsiya sharoitida davolanmoqda, 8 bemorning ahvoli yaxshilanmoqda, uch kishi esa davolanishni yakunlagan.

Istanbul morg idorasi tomonidan fuqarolar vafoti bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlar yuzasidan aniqlik kiritish ishlari davom ettirilmoqda, deb xabar berdi O‘zbekistonning Istanbul bosh konsulxonasi. Spirtli ichimlikdan zaharlanish oqibatida vafot etgan o‘zbeklar soni 10 nafarni tashkil etadi.

Yil boshidan beri Turkiyada soxta spirtli ichimliklar tufayli 34 kishi hayotdan ko‘z yumgani aytilgan. Istanbul gubernatorligi soxta ichimliklarni ishlab chiqarish va sotishni «xalqni o‘ldiruvchi terrorizm» deb atab, bu holatlarga qarshi qat’iy kurash olib borilayotganini ta’kidladi.

Shaharda olib borilgan tadbirlar davomida politsiya tomonidan soxta spirtli ichimliklarni bozorga chiqarayotgan ko‘plab manzillarga reydlar uyushtirilgan. Natijada ikki kishi «qasddan odam o‘ldirish» aybi bilan qamoqqa olingan, to‘rt nafar shaxs ustidan tergov ishlari davom etmoqda.

1-yanvardan buyon olib borilgan amaliyotlarda 29 tonna soxta spirtli ichimlik musodara qilingan, 64 tadbirkorlik subyekti faoliyati to‘xtatilgan va litsenziyalari bekor qilingan. 2024-yil davomida esa jami 302 tonna qalbaki spirtli ichimlik musodara qilingani qayd etilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Istanbulda bir kunda 5 fuqaro qalbaki alkogoldan zaharlanib vafot etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek