Prezident 2025-yil uchun investitsiya bo‘yicha asosiy vazifalarni belgiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2025-yil uchun hududiy investitsiya rejalari muhokama qilindi. Har bir tuman uchun bajarilishi lozim bo‘lgan indikatorlar to‘plami ishlab chiqilgani qayd etildi.
Joriy yilda 27 ta tuman hokimiga investitsiyani $200 mlndan oshirish vazifasi qo‘yilgan. Masalan, so‘nggi besh yilda Uchko‘prik tumanida xorijiy investitsiya hajmi 10 karra oshib, $100 mlnga yetgani ta’kidlandi. Tuman hokimi bu ko‘rsatkichni 2025-yilda $200 mlnga yetkazishni maqsad qilgan.
Biroq 10 ta tuman hokimining rejasi $40 mlndan oshmagan. Ushbu tumanlar qatoriga Mirishkor, Ko‘kdala, Boyovut, Bandixon, Uzun, Sherobod, Bekobod, Toshkent, Rishton va Gurlan tumanlari kiradi.
Prezident ushbu hududlarga yangi loyihalar paketini shakllantirish va kamida $100 mlnlik rejani tasdiqlash vazifasini topshirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev lavozimidan ozod etilgani haqida xabar bergan edi.